#Dilga yaqin she`riyat!

Qadrli kitobsevarlar sizlar uchun eng sara o`zbek she`riyatidan na`munalar guldastasini jamladik! Sizga manzur bo`ladi degan umiddamiz!

Qaylarga boshladi bizni bu taqdir,
Qaysi sinovlarning toshlari ezdi?
Ikki ayri umr uchrashdi oxir —
Yuragim sezdi.

Uchib o’tdi qancha turnalar og’ir,
Qancha gulbahordan kunlarim bezdi…
Ayriliqdan chiqdi ikkita taqdir —
Yuragim sezdi.

Yolg’izlik — suyanch-u sirdoshdan judo –
Beadad kuzlarda sog’inib kezdi.
Ammo borligingni har lahza, yor-o,
Yuragim sezdi.

Muzlatdi!.. Muzlatdi hijronning ro’zi,
Jonimda izg’irin betinim esdi…
Bizni uchrashtirgan tangrining o’zi —
Yuragim sezdi!

✍️ Usmon Azim

SOGʻINCH…

Seni sog‘insinlar,
Sen ko‘p sog‘inding.
Chora yo‘q baribir ikki holda ham.
Daryodek tosharding, ko‘l kabi tinding,
Faqat ruhing qoldi sen bilan hamdam…

Afsus, sog‘inchning ham bordir adog‘i,
Keyin unutilish, bari abasdir.
Sog‘ingan odamning ko‘nglida dog‘i,
Sog‘intirganga ham oson emasdir…

©Abdulla Oripov

«Sizni…»

Sizni sevish mumkin hammadan ortiq,
Har kun poylash mumkin yoʻllaringizni.
Arzimaydi jondan oʻzga bir tortiq,
Ushlash ham jinoyat qoʻllaringizni.

Sizni asrash mumkin qorachiq misol,
Shamol ne, boʻronning yoʻlini toʻsib.
Hayotdan baxt topish mumkin bemalol
Tovoningiz uzra maysaday oʻsib.

Sizni kutish mumkin yillab erinmay,
Yirtib tashlaguncha solnomalarni.
Poyingizga tashlab qoʻyish mumkinday
Bu Yer deb atalgan kichkina sharni.

Jo’rabek Ramazon

Hamma malikalar quladi taxtdan.
O‘zgalar baxt izlab yorini kutar,
Men sizni kutgandim zerikib baxtdan…

Kuldingiz… jon kabi yayradi bu jon,
Sochilib ketgandim qayta butlandim.
Sanoqda adashdim… milyoninchi bor,
Yana qolmoqlikka taraddudlandim.

Qattiq tikildingiz… tezda angladim –
Xayrlashmoq kerak yana qaytadan.
(Sizga salom bilan borib bo‘lmaydi,
Xayrlashib sizga bosaman qadam…)

Bu ne qismat bo‘ldi, bu qanday bitik-
Bir ko‘zim kulguda, biri yig‘ida.
Men sizni hech kimga o‘xshamay sevdim,
Ketmoq va qolmoqning oralig‘ida…

©Shuhrat Orif

Xudoyim, qovrildim… Tugaydi qachon
Bu gulxan yurakning lovullashlari.
Bu tun yana menga bermadi orom,
Qonimning olovli lovullashlari.

Menchalik yonmagan hech kim… Menchalik
Hech kim o’chmoqlikni etmagan orzu.
Borayapman chaqmoqning bo’lagi yanglig’
Lahzalik umrimni falakka osib.

Hatto vulqonlarda olovlik bekor-
Mening yong’inimning yo’qdir adog’i.
Ichimda maysaning armonlari bor,
Yomg’irda o’sishning hasrati, dog’i.

O, sasing yetishdi ruh ila tanga,
Rahmat kalomlaring buncha muloyim!..
Meni o’chirtirma biror bandangga,
O’zing o’chir meni… O’zing Xudoyim!

Usmon Azim she’ri

Baxt kutmasman o‘zgadan

Baxt kutmasman o‘zgadan zinhor,
Birovga baxt berolmasman ham,
Sen baxtimsan, demagil, dildor,
Baxt berolmas odamga odam.

Ko‘ryapsanmi, gavjum butoqdan
Chirt uzilib tushdi bir yaproq.
Barglar yig‘lasa-da firoqdan,
Qutqarolmas do‘stini biroq.

Abdulla Oripov


Bir tasodif ro‘y berib agar,
Tildan qolsam, nedir bahona,
Tillarimni uchida u kun
Qotib qolgan so‘z sen bo‘l, Ona!


Bir tasodif ro‘y berib agar,
Ko‘rmay qolsam, bequt peshona,
Ko‘zlarim tub-tubiga u kun
Botib qolgan so‘z sen bo‘l, Ona.


✍️ Muhammad Yusuf Sheʼri📚

Menday g’aribni ham koʻrolmaslar bor,
Nurab borarmanu oʻzim shunday ham.
Tugab borarmanu oʻzim shunday ham,
Koʻksimga tosh otmay yurolmaslar bor.


Tovushim chiqmas bir kapalakcha ham,
Sadosiz kuzatgim kelar dunyoni.
Koʻtarolmas hatto temir tokcha ham,
Ular qanotimga ortgan riyoni.


Doʻstlar, degim kelar,
Boʻlmang xavotir,
Uzoq yashamayman shunday ham oʻzim,
Umrim bir bog’ kezib oʻtgay navodir.
Soʻnar u bir ochib yumgincha koʻzim.


Qoʻyishmas,
Qoʻlimdan tortadi biri,
Biri oyog’imdan,
Biri sochimdan.
Biri qoʻynim biri koʻnglimga kirib.
Hayotdan bezdirar oʻttiz yoshimdan.


Oʻtmas pichoq bilan meni soʻyishib,
Tomosha aylarlar turib sal nari.
Xudoning qoʻlidan non yeb toʻyishib,
Shaytonning xizmatin qilishar bari!..
Menday g’aribni ham koʻrolmaslar bor.


✍️ Muhammad Yusuf Sheʼri📚