Inson qadri ulug‘, xotirasi muqaddas!

Boysun tuman Axborot-kutubxona markazida 9-may Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan tuman fuqarolik sudi xodimlari bilan birgalikda «Xotira bor ekan tirikdir millat» nomli davra suhbati tashkil etildi.

Mustaqillik yillarida mamlakatimizda tinchlik-osoyishtalik, hamjihatlik va bag‘rikenglik mustahkam qaror topdi. Kattalarga hurmat, kichiklarga izzat, mehr-oqibat tuyg‘ulari odamlar qalbi va shuuridan chuqur joy oldi. Ajdodlar xotirasini yod etib, ezgu ishlarini davom ettirish, bugun saflarimizda yurgan, elu yurt tinchligi va ravnaqi yo‘lida xizmat qilgan keksalarni e’zozlash ma’naviy hayotimizning ajralmas qismiga aylandi. O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimovning: “Xotira va qadrlash deganda biz, avvalo, o‘zimizni inson sifatida anglashni, odamiylik fazilatlarini ulug‘lashni nazarda tutamiz”, – degan qimmatli so‘zlari zamirida ana shunday mohiyat yotibdi.

Xotira va qadrlash – inson aql-zakovatining be’takror ma’naviy ne’matlari, tiriklikning azaliy mezonlaridir. Homiylik, saxovat va himmat, mehr va muruvvat fazilatlari, xotira va qadr tushunchalari bilan o‘zaro uyg‘unlik kasb etadi. Zero, qalbi saxovatga, mehr-muhabbatga, shafqat va shafoatga to‘la insonlargina o‘z tarixini, ajdodlarini doimo xotirlaydi, fidoyi yurtdoshlari, yorug‘ kelajak yo‘lida mehnat qilayotgan kishilarning qadriga yetadi.

Boysun tuman Axborot-kutubxona markazida 9-may Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan tuman fuqarolik sudi xodimlari bilan birgalikda «Xotira bor ekan tirikdir millar» nomli davra suhbatida sud raisi O.Berdiyev ulug` vatan urushiga qatnashganlar haqida ma`lumot berdi.

Xotira va qadrlash tushunchalari tobora teran ahamiyat kasb etayotganining yana bir sababi shundaki, insonga mehr ko‘rsatish, uni ulug‘lash, qadrlash va e’zozlashga qaratilgan ushbu a’mollar bizni globallashayotgan va tez o‘zgarib borayotgan murakkab davrimizning turli tahdidlarga nisbatan sezgir va hushyor bo‘lishga, kechagi kun jarohatlaridan saboq chiqarishga undaydi. Bu borada, ayniqsa, buyuk kelajak egalari — navqiron avlod zimmasidagi mas’uliyat g‘oyat kattadir.

Eng muhimi, xalqimiz, ayniqsa, yoshlarimiz ongu shuurida o‘tganlarni yod etish, tiriklarni qadrlashdek insoniy fazilatlar tobora mustahkam qaror topmoqda. Tarixdan saboq chiqarib, o‘tmishda yo‘l qo‘yilgan xatolarni takrorlamay, milliy o‘zlikni anglagan holda, muzaffar ajdodlarning hech kimdan kam bo‘lmagan avlodi ekanimizni anglab yashayapmiz.

Bu yorug‘ va dorilomon kunlar yo‘lida qurbon bo‘lganlar ruhini shod etish, mo‘tabar keksalarimiz duosini olish, tinch hamda osoyishta zamonning qadriga yetish, shukronalik tuyg‘ularini his etish bizga katta quvvat bag‘ishlaydi, ruhiyatimizni poklab, yangidan-yangi bunyodkorlik ishlariga chorlaydi. Inson bor ekan, xotira – muqaddas. Hech kim, hech narsa esdan chiqmaydi. Xalq bugungi tinch-xotirjam zamonni asrab-avaylash, qadriga yetish uchun ham urushni, uning qahramonlarini, g‘alabaga munosib hissa qo‘shgan hech bir kishini xotirasidan forig‘ qilmaydi.