Kitoblar bilimlar xazinasi!

Kitob – moziy darakchisi, bugunning tarbiyachisi va muallimi, kelajakning yo««lboshchisi. Kitobni ma’naviy xazina, haqiqiy boylik, dedik. Uni chin dildan sevib qadrlagan Abu Ali ibn Sino og`ir betob bo`lgan Buxoro hukmdori Nuh ibn Mansurni davolagach, evaziga oltinu kumushlar to`la sandiqni emas, balki saroy kutubxonasidan foydalanish imkoniyatini qo`lga kiritishni afzal ko`rgan edi.

Buyuk rus shoiri Aleksandr Pushkin duelda yaralanib, vafot etar chog`ida, unga “Do`stlaringiz bilan vidolashing”, deyishadi. Pushkin xonaning burchagidagi kitob javoniga termulib, “Xayr, mening do`stlarim!”, deya jon bergan ekan.

Kitob – bilim manbai, ilm shamchirog`i, ma’naviyat sarchashmasi. Kitobni quyoshga qiyoslash o`rinlidir: quyosh insonning jisman ulg`ayishi uchun qanchalik muhim o`rin tutsa, kitob ma’nan barkamollik uchun ham shunday ahamiyatga ega. O`qish davomida kitobni mutolaa qilish jarayonining o`zidayoq insonning ongi va dunyoqarashi shakllana boradi. Kitobning o`zi bir olam. Uni takror va takror o`qish davomida yangidan yangi ufqlar kashf etiladi, har gal uni qayta mutolaa qilgan odam undan o`zgacha taassurotlar oladi. Aytishlaricha, Forobiy Arastuning “Jon haqida” deb nomlangan asariga o`z qo`li bilan: “Men bu asarni 200 marta o`qidim”, — deb yozib qo`ygan ekan.

@Boysun TAKM @AKT bo`limi